Har bir muvaffaqiyatli startap ortida ko‘pincha asoschilarga to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va tezroq rivojlanishga yordam beradigan inson turadi. Endi mintaqaning startap ekotizimi rivojiga haqiqiy hissa qo‘shayotgan trekerlarni e’tirof etish vaqti keldi!
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Techstars Startup Week Central Asia doirasida Markaziy Osiyoning eng yaxshi startap trekerlarini taqdirlashga qaratilgan Central Asia Tracker Awards tanlovini e’lon qilamiz.
Tanlov ikki nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi:
Startup Choice — Startaplar tanlovi
G‘olibni startaplarning o‘zi aniqlaydi. Bu asoschilarga o‘z jamoalarining rivojlanishiga chinakam hissa qo‘shgan, o‘z tajribasi, bilimi va qo‘llab-quvvatlashi bilan yordam bergan trekerlarni e’tirof etish imkoniyatidir.
Professional Choice — Professionallar tanlovi
G‘olib ekspertlar hay’ati tomonidan kasbiy yutuqlari, tajribasi hamda startaplar va umuman startap ekotizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi asosida aniqlanadi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi startaplar bilan ishlaydigan, jamoalarga gipotezalarni sinab ko‘rish, o‘sish imkoniyatlarini aniqlash, biznes modellarini ishlab chiqish va miqyosni kengaytirishga tayyorlanishda yordam beradigan startap trekerlari.
Biz barcha trekerlarni o‘z nomzodlarini ilgari surishga, startaplarni o‘z rivojlanishiga hissa qo‘shgan trekerlarni e’tirof etishga, professional hamjamiyatni esa mintaqada sifatli startap trekingini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga taklif qilamiz.
Qanday qilib ariza topshirish mumkin?
Trekerlar o‘z nomzodlarini mustaqil ravishda ilgari suradilar va ariza shaklini to‘ldiradilar. Agar siz startap asoschisi bo‘lsangiz va o‘z trekeringizni nominatsiyaga tavsiya qilmoqchi bo‘lsangiz, iltimos, ariza shakli havolasini unga yuboring. Ariza shakli ikki qismdan iborat:
- Startup Choice — Startaplar tanlovi: Ushbu nominatsiyada ishtirok etish uchun shaklning birinchi qismini to‘ldirish kifoya.
- Professional Choice — Professionallar tanlovi: Ushbu nominatsiyada ham ishtirok etish uchun shaklning ikkinchi qismini ham to‘ldirish lozim. Bunda CV, startaplar va akseleratorlarning tavsiyanomalari (mavjud bo‘lsa), shuningdek, kasbiy natijalaringizni tasdiqlay oladigan ikki nafar startap asoschisining aloqa ma’lumotlarini taqdim etish kerak. Ariza yuborilib, taqdim etilgan maʼlumotlar muvofiqlik tekshiruvidan o‘tgach, nomzodlar ariza topshirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida Tashkilotchining o‘quv platformasidagi amaliy keysga havola oladilar. Havola arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga yuboriladi. Nomzodlar keysni 22-noyabr kuni soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti, UTC+5) bajarishlari lozim.
Muhim sanalar
- 15-noyabr, Toshkent vaqti bilan soat 23:59 gacha: Nomzodlarni mustaqil ravishda ilgari surishning oxirgi muddati
- 18-24-noyabr (shu kunlar ham kiradi): Startup Choice nominatsiyasi bo‘yicha startaplarning ovoz berish jarayoni
- 22-noyabr, Toshkent vaqti bilan soat 23:59: Professional Choice nomzodlari uchun keysni yechishning so‘nggi muddati
- 26-noyabr: Taqdirlash marosimi, Toshkent shahri